O'ylarim, she'rlarim

Tushdagi muhabbat (she'r)

Men seni ko'rganman, bir necha bora,

Balki metroda, yo tushda nogaxon,

Ha aniq, ro'moling edi zangora,

Vo ajab, naxot sen, bo'laman hayron.


Esladim, sen menga berganding kitob,

Libosda tovlanib, misli oqqushday.

Uyg'onib ketganda bo'lgandim xunob,

Hech baxtli bo'lmadim, so'ng o'sha tushday.


Ajib, tushdagi orzum, namoyon o'ngda,

Axir har kun uxlardim, ko'ray deb seni,

Ba'zida bayt bitdim har kuni tongda,

So'zlarda ishqingni tuyay deb seni.


Men seni uchratdim, tushda suyganim,

Bu baxtdir, bu sharaf, uchrashdik-ku biz,

Chin bo'lmas, bu ro'yo deya kuyganim,

Zangora ro'molli, moviy ko'zli qiz.


Ko'zlarim to'qnashdi ko'zlaring ila,

Hayajon bosmoqda, peshonamda ter,

Ey yurak iltimos pasroq dukilla,

Ovozing huddiki sakson detsibel.


Sumkangdan olganing qanaqa kitob?

Nahot u tushimda hadya etganing!?

Aniq u, yuragim qilyabdi hitob,

Hayotim o'zgardi, shu bugun maning!


Nelardir qayd etding, qo'lingda qalam,

Bo'lsa-ya tush kabi menga sirli xat.

Burilding men tomon bosyabsan qadam,

Yaqin kel, lek uzoq ketmagin faqat.


To'xtading qarshimda, menga jim boqding,

Oyog'im zir titrar, zo'rg'a qad tutdim,

Bir salom berding-u, sekin qosh qoqding,

Til qotdi, nafasimni arang yutdim.


Holimni jilmayib biroz kuzatding,

His etding axvolim naqadar chalkash.

So'ng sekin kitobni menga uzatding,

Men qimir etmadim, es-xushim sarkash.


Kulgingni yashirib turibsan arang,

Bilolmam ne fikr suzib o'tmoqda.

Balki o'ylayabsan, bu soqov-garang,

Ko'zlaring ba'rini menga sotmoqda.


Qo'limni uzatdim kitobing tomon,

Lek birdan eshitdim, nimadir biroq,

Yo'q, bu yaxshilikmas, bu o'ta yomon,

Axir bu - men qo'ygan tonggi qo'ng'iroq.

Ko'zlarim ochildi, uyg'ondim yana,

Vo ajab yanami? Yana bu tushim?!

Baxtimga yetkandim, shu bugun mana,

Qo'ndi deb bilgandim mening baxt qushim.


Bomdod namoziga aytildi azon

Yana baxsh etaman senga duoyim,

Balki bu bahorda, yo vaqti hazon,

Bizni uchrashtirsin, deya Hudoyim.

© #oa 10.04.2025--23:33