O'ylarim, she'rlarim

Tarbiyada o'qish

Ilgarilari bola oilada qandaydir xato qilsa, unga ota-ona tomonidan jazo sifatida ma'lum miqdorda kitob o'qish vazifa qilib topshirilardi. Bola berilgan vazifani o'qib topshirgandan so'ng jazodan ozod qilinardi. Masalan, ma'lum bir kitobdan 40 sahifa o'qimasa, ko'chada o'ynash taqiqlanardi. Bu esa bolada kitobga muhabbat uyg'otishga yordam beradimi?

Shaxsiy fikrimcha, bu bilan bolani faqatgina kitobdan «sovutganimiz» qoladi. Chunki psixologik jihatdan kitob o'qish unga jazo sifatida berildi. Ya'ni bu qandaydir majburlash asosida, aybini yuvish maqsadida majburan amalga oshiriladi. Bu huddi jinoyat sodir etgan insonga 12 sutkalik qamoq jazosi berilishiga o'xshaydi. O'zingiz o'ylab ko'ring-a, 12 sutka qamoqda o'tirib chiqqan insonda qamoqqa bo'lgan muhabbat paydo bo'ladimi? Aksincha, insonda boshqa hato qilmaslik va qamoqda o'tirmaslik uchun harakat qilish boshlanadi. Huddi shu kabi, agar kitob o'qish bolaga jazo sifatida qo'llansa, bundan biror-bir naf chiqishiga ko'zim yetmaydi. Shuning uchun bu usul menga foydasiz ko'rinadi.

Agar oilada o'zimiz kitob o'qishning qanchalik baxt ekanligini ko'rsatib, bolaga yorqin misol bo'la olsak, ana o'shandagina qandaydir natija kutsa bo'ladi. Go'yoki biz ishdan yoki o'qishdan charchab kelib, biroz dam olish uchun yoki kayfiyatimizni ko'tarish uchun diqqatimizni telefon yoki televizorga qaratamiz-ku! Ana shunday holatda bolaning ongida telefon yoki televizor orqali inson «mazza» qilar ekan, degan tushuncha paydo bo'lishi mumkin. O'sha vaziyatda televizor emas, kitobga e'tibor qaratib, o'zimizni kitoblar ichiga «otsak», kitobdan qiziqarli va insonni o'ziga torta oladigan voqealarni aytib bersak va oiladagi barcha birgalikda mutolaga muhabbat qo'ysa, qolganlarda ham yaxshigina o'zgarish ko'rishimiz mumkin deb hisoblayman.

Yuqorida yozgan fikrlarim mutlaqo shaxsiy. Psixologiya faniga hech qanday aloqam yo'q, shunchaki o'zim sodir etgan hatolarimni ko'rsatib ketdim va yakunida bu hatoyimni qanday qilib to'g'irlaganimni ham ta'kidlab o'tdim. Manfaatli bo'lsa, ulashing🙂

#oa