O'ylarim, she'rlarim

"Sen sevgini da’vo qilasanmi?"

15–16 yoshlar atrofida edim. Ustozim bir kun savol berdilar:

— "Hech kimnidir chin dildan sevib qolganmisan? Oshiq bo‘lganing bormi? Bo‘lmagan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda bunday holat haqida eshitgandirsan..."

Shu so‘zlardan so‘ng yuragimda jimjimador emas, ammo chuqur bir sukut o‘rnatildi. Ustoz davom etdilar:

— "Inson kimnidir chin dildan sevib qolsa, uning fikr-u xayoli faqat o‘sha kishiga qaratiladi. Qayerda bo‘lmasin, nima qilmasin — xayoli baribir o‘sha sevgilisi bilan bo‘ladi. Yurgan yo‘lida uni qidiradi. Qarasang, ko‘zlarida bir istak, yuragida bir intizorlik. Agar qiz uni kuzatayotgan bo‘lsa, o‘zini unga manzur tutishga harakat qiladi: kiyimiga, yurish-turishiga, muomalasiga e’tiborli bo‘ladi. Doimiy ravishda eng go‘zal jihatlarini ko‘rsatishga tirishadi. Unga yoqadigan gaplarni gapiradi. Uni hursand qilishga jon-jahdi bilan harakat qiladi. Ammo baribir, birov so‘rasa: “Yo‘q, men uni ota-onamdagidek sevmayman”, deya inkor qiladi.”

Shundan so‘ng, ustozim ovozlarini bir oz balandroq qilib, qalbimni larzaga solgan gapni aytdilar:

— “Bugungi kunda har bir musulmondan: “Allohni sevganmisan?” deb so‘rasang, baralla “Ha!” deydi. Hatto “U Zotni ota-onamdan ham ortiq sevaman!” deya qasam ichadi. Ammo bu da’volarning aksariyati yolg‘on. Nechun deysanmi?..”

— “Chunki inson sevgan kishisi uchun qiladigan harakatlarning o‘ndan birini ham Robbisi uchun qilmaydi. Sevgan qizi uchun kayfiyatini, kiyimini, hatto har bir qadamini o‘ylab yuradi. Ammo Alloh rozi bo‘ladigan harakatlar uchun shuncha quvvat topolmaydi. Yurgan yo‘lida, fikrida, qalbida Allohni eslab, ishq azobida toblanmaydi. Uni ko‘rib turganini his qilsa-da, hayoti o‘zgarmaydi.”

Shu o‘rinda ustoz bir oddiy, ammo mislsiz misol keltirdilar:

— “Agar sen bir qizni chin dildan sevib, u bilan yuzma-yuz suhbatlashayotgan bo‘lsang, atrofni eslay olasanmi? Yo‘q, sira yo‘q. Chunki u fursat — sen uchun butun olamdan uzilgan lahza. Butun borliq unutiladi. So‘zlaringni saylay boshlaysan, yuraging shunchalar uradiki, o‘zingga eshitilib turadi. Nafasing zirqiraydi, nigohing qaltiraydi.”

— “Ammo Alloh huzurida, namozda, eng buyuk Zotning huzurida turganingda-chi? Yuzing qayerda? Yuraging nima deb urmoqda? Til aytayotgan kalimalar qalbdan o‘tmoqda, yo faqat tilga taqalmoqda? O‘zingni kuzat: yuraging yurmaydi, hayajon yo‘q, diqqat bo‘linadi. Chunki sen Allohni chin dildan sevmaysan. Da’vo qilasan, ammo amalda yo‘qsan.”

So‘nggi so‘zlar yuragimni larrak keltirdi. Ustoz dedilar:

— “Nahotki sen tuproqdan yaralgan bir jonzotni shunchalar sevolib, 18 ming olamning Parvardigorini bu darajada sevolmasang? Axir, U Zot bu sevgiga arzimaydimi?”

— “Yo‘q, aksincha... Sen U Zotning sevgisiga arzimaysan. Arzimaysan... arzimaysan..."

...Mashina salonida uch daqiqa ichida bo‘lib o‘tgan bu suhbat oradan yillar o‘tsa-da, hali-hanuz quloqlarimda jaranglaydi. Har eslaganimda yuragim yana o‘sha aziz va achchiq haqiqat bilan yuzlashadi.

Siz ham o‘ylab ko‘ring... Sevaman, deydigan Zotga haqiqatda qanday munosabatdasiz?

© #oa