O'ylarim, she'rlarim

Sadaqai joriya

Sadaqai joriya

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Inson vafot etganda uning amali toʻxtaydi, faqat uch narsa tufayli uning nomaʼi aʼmoliga savob yozib turiladi: sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand.”

Xoʻsh, sadaqai joriya nima?

Sadaqai joriya — bu savobi hatto vafot etgandan soʻng ham doimiy kelib turadigan xayrli amal. Manfaat keltiradigan, xalqning ogʻirini yengil qiladigan, doimiy foydasi tegib turadigan foydali ish.

Ramazonning oxirgi 10 kunligi ham boshlanish arafasida. Ramazon oyida qilingan har bir xayrli amalning boshqa oylarda qilingan amalga nisbatan ajri balandligi sir emas. Siz ham biror bir hayrli ishga o'zingizni hissangizni qo'shish orqali tugalmas savobga ega bo'lishingiz mumkin.

“Qanaqa yaxshi ish qilsam ekan?” deb o‘ylanib o‘tirishga hojat yo‘q.

Bir necha bor hazil tariqasida open budget narxlarini yozdim, lekin rostini aytsam — chindan ham ovoz uchun narxlar oshib ketmoqda. Ammo siz bergan birgina ovoz yordamida qaysidir bir mahalla asfalt qilinishi yoki maktab ta'miri amalga oshishi mumkin.

Shaxsan o‘zim bugun eshitdim: Chilonzorda bir yigit 30 ming taklif qilyapti. Sel yog‘ib, bolnitsani yuvib ketibdi. Butun boshli qishloqda boshqa shifoxona yo‘q emish endi. Shuni ta’miri uchun ovoz yig‘moqda.

Agar sizdan ham ovoz so‘rashsa va evaziga pul taklif qilishsa, maslahatim: pulini inkor qiling. Bepul tarzda, sadaqai joriyani niyat qilib ovoz bering va o‘sha hududga yordam bering. Ha, nima, 30 mingga nari borsa bitta lavash olasiz-da. Uning o‘rniga vafot etganingizdan keyin ham savobi oqib turadigan bir ishdan nega o‘zingizni mahrum qilasiz?

Siz bergan ovoz yordamida ko‘cha asfalt bo‘lsa — har bitta o‘tayotgan insondan ajr, shifoxona qurilsa — har bir shifo topgan odamdan savob sizga oqib tursa, bu nima degani? — Bu chinakam mazza emasmi?

© #oa