O'ylarim, she'rlarim

Oyna

Oyna.

Har kuni ertalab uyg'onganda oynaga qarayman. "Chiroyimdan" bahramand bo'lish uchun emas, bu ishib ketkan qovoqlarni, patalagi chiqib yotgan sochlarni epaqaga keltirish uchun. Badiiy filmlardan farqli o'laroq tekkis prichoskada uyg'onmiman:)

Menimcha bu holat barchamizda sodir bo'ladi. Kiygan kiymimiz yarashganini, g'ijim emasligini, (qizlar holatida) avratlarimizni to'liq yopganini oynaga qaramasak bila olmaymiz. Buni bizga aksimiz yoki boshqa biror shaxs bildirishi darkor.

Husni-xulqda ham shunaqaga o'xshash. O'zimizga ma'lum ayblarimiz barchamizda bo'lsa kerak. Uni yolg'iz qolganda fikr yuritib, vijdonni ozgincha qiynasak isloh uchun harakat paydo bo'ladi. Ammo ba'zi kamchiliklarimizni biz o'zimiz sezmaymiz. Buni qo'shimcha fazilat deb hisoblaymiz. Dasturchilik tilida: "not a bug, it's a feature" desak mubolag'a bo'lmaydi. Aslida esa bu chindan ham nuqson ekanini bizga faqat oyna anglatadi. O'zi oyna 2 turga bo'linadi: gapiradigan va gapirmaydigan.

Gapiradigani - do'stingiz. Sizni kamchiliklaringizni yolg'iz o'zingizga, o'zgalardan xoli bo'lganingizda chin maslahat tarzida aytib, go'zal nasihat qiladi. (Shu o'rinda bilib qo'yaylik, maslahat mana shunday, alohida qolganda qilinadi. Ko'pchilikni oldida aytish esa obro to'kishga o'tib qoladi). Bekorga dinimizda "Mo'min mo'minga oynadir" deyilmagan.

Gapirmaydigani esa atrofimizdagi insonlar. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib ayta olaman, mana shunisining ta'siri yuqori. Biz o'zimizdagi fazilat deb o'ylaydigan nuqsonimizni boshqa insonda ko'rmagunimizcha, yon atrofimizdagi insonlarga qanchalik noqulaylik tug'dirayotganimizni anglamasligimiz mumkin.

Bir insonni bilaman, aqilli gaplar, aforizmlar gapirib, barchaga "maslahatlar" beraverardi. O'zicha tozalikka mukkasidan ketgan, chang bo'lsa yonidagilarni malomat qilib, aralashmagan ishi bo'lmasdi. Toki o'zidan-da battarroq mijg'ov odamni ko'rib, birga ishlamaguncha. Ozgina vaqtdan so'ng tushunib yetdiki, miyang'ilash bu aqillilik emas. Shundan so'ng sekin astalik bilan ushbu odatidan halos bo'lishga harakat qilmoqda. Faqat bu safar unga gapiradigan oynalar ham yordam berishmoqda. Ha, o'sha inson kamina.

Anchadan beri shu mavzuda yozishga harakat qilardim, lekin biroz bo'lsa ham o'zim shuni tadbiq qilishga urinib ko'rdim. Bir yillik natijasi menimcha unchalik yomon emas. Sizga ham hayotingiz davomida biz sanab o'tgan jumla oynalardan unumli foydalanishni maslahat beraman.)

#oa #dailyinsight