Muvaffaqiyat formulasi (fikrimcha)
Muvaffaqiyatning (fikrimcha) formulasi.
3-aprel kuni (ushbu post yozilayotgan kundan 119-kun oldin) ko'chada sayrga chiqib qaytganimdan keyin, telefonim ekranida 2 ta kichik chiziq paydo bo'lganini ko'rdim. (1-rasmda. Ha, 2 ta chiziq doim ham yaxshilikdan darak bermaydi:).
Hozir esa 2-suratdagi ko'rinishga kelib bo'ldi. Kunma-kun, oyma-oy chiziqning oshib borishi telefonni o'zi bilan olib yurgan kaminaga umuman sezilmadi. Tanishlarim esa har bir hafta yoki oy o'tib ko'rishganimizda chiziq kattalashib borganini doim ta'kidlayveradi. "Yo'g'e, shunaqa tuyilyapti sizga" deb ketaman. Bugun o'zim birinchi kuni olgan rasmim bilan solishtirdim. Chindan ham katta o'zgarish sodir bo'libdi.
Bilasizmi shu holatda nimani taammul qildim? Oyna haqidagi maqolam esingizdami? Huddi o'shani. Ya'ni birinchi kuni olgan rasmim, telefonimning bugungi xolatiga oyna rolini o'ynab berdi.
Bizdagi yaxshi va yomon odatlar ham huddi shu ko'rinishda bo'ladi. Kun sayin, oz-ozdan o'sib boradi, bizning o'zimizga, yon atrofimizda har kuni ko'radigan odamalrimizga esa unchalik sezilmaydi (agar ziyrak bo'lishmasa).
Menimcha haqiqiy o'zgargan-o'zgarmaganimizni (ham xulqiy, ham jismoniy, ham chiroiy 🌚🌚🌚🌚) kamroq ko'rishadigan odamimizdan aniqroq bilib olamiz. Bir kundagi xulosasi orqali emas albatta.
Masalan aytaylik, bir yaqin insonimiz uzoq safarga ketdi. Muloqot, ko'rishish deyarli imkonsiz. U inson qaytganda esa birinchi uchrashuvni o'zidan faqat tashqi ko'rinishlarimizdagi o'zgarishlarni sezamiz. 2-3 kun birga vaqt o'tkazgandan keyin esa xulqiy o'zgarishlarni ham.
Bizni nima o'zgartirdi? Nima o'zgartiradi? Albatta davomiylik. O'zi shu blogimda yozgan tutruqliroq biror gaplarimni 89.5% qismi davomiylikka da'vat qiladi. Amallarni davomiyligi maqbul ekanligi haqida hadis ham bor. O'zimdagi eng katta kamchilik ham davomiylik aslida (bir oy 4 da uyg'onib kanalda hisobot berganim esingizdami? Hozir 8:47 da zo'rg'a uyg'onaman:).
Eng katta hato bu natijani ko'rmasdan to'xtatib qo'yish. Bu kimlarda sodir bo'ladi? Jarayondan emas, faqatgina natijadan zavqlanadigan insonlarda. Qachonki biz o'qiyotgan kunlik 15 sahifalik kitobimiz davomida jarayondan zavqlansak, ko'tarayotgan kichik bo'lsa ham 10 kg gantelimizdan qiynalib maza qilsak, ana o'sha xolatda, bir kunda 60 sahifa o'qib, qolgan kunlari reels ko'radigan insonlarni miyyasidan aqlliroq, 30 kilogram gantelni bir haftada bir ko'taradigan insonning bilagidan baquvatroq bo'lamiz.
Demak formula:
Jarayondan zavqlanish = davomiylik.
Davomiylik + Jarayondan zavqlanish = Yaxshi natija.
#dailiyinsight #oa