O'ylarim, she'rlarim

Ixtiloflar, sabablar, yechimlar (konspekt)

Ixtiloflar: Sabablar va Yechimlar

Alloh azza wa jalla ustozimiz, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohdan rozi bo‘lsin. Bu zot bizga million emas, milliard qiymatdagi ilmlarni ulashgan, hayotimda chuqur iz qoldirgan buyuk insonlardan biri bo‘lib qoldilar.

Eslayman, bir safar — chamasi 3 yoki 4-sinfda edim — u kishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Yonimdan o‘tib ketgan edilar. O‘sha payt bu zotning buyukligini yuragim bilan his qilolmagandim. Hali-hanuz o‘ylab, yuragim tirriq bo‘ladi: qanday azamat kishi yaqinimdan o‘tganini anglab yetmagan ekanman...

Gap esa kitob haqida. Ha, bu kitob — Ma shaa Alloh! — ta’siri chuqur, ifodasi tiniq, haqiqatda ko‘nglimdagi tugunlarni yechdi. Yillar davomida tushunolmay yurgan mavzularimga shu kitob orqali javob topdim.

Instagramni tark etishimga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri — aynan ixtilofiy masalalar, bilimsiz janjallar edi. Ayniqsa, ba’zi Madina universiteti talabalarining sahifalarida yuritilgan gap-so‘zlar meni ich-ichimdan bezovta qilgan. Men esa o‘sha vaqtlarda "Madinada o‘qiydi, demak, ilmi bor", deb o‘ylardim. Afsuski, bu fikrim xato bo‘lganini angladim. Chunki haqiqiy ilm egasi hech qachon ixtilofni uyg‘otmaydi, aksincha uni bartaraf etadi.

Bu kitob esa menga shuni ko‘rsatdi: haqiqiy olimlar ikki tomonning dalillarini xolislik bilan o‘rganadi, hukm bermaydi, yomonlamaydi — faqat ilm beradi. Aynan shuning uchun bu asar qalbimga eng yaqin, eng sevimli kitoblardan biriga aylandi.

Ertaga kutubxonaga topshiraman, lekin yuragimda bu kitob qoldi. Tavsiyam: sizlar ham o‘qing, albatta.

P.S. Madina universitetida o‘qish — mening orzum. Bu postda ba’zi talabalarni tilga olgan bo‘lsam, bilinki, bu — umumlashtirish emas. “Guruch kurmaksiz bo‘lmas”, deganlaridek, ayrimlar sababli butun bir guruhga yomon ko‘z bilan qarash adolatdan emas. Haqni tan olish — mardlikdir.

© #oa