Amalning shukri
Jum'a kuni yaqin akam bilan metrodan chiqayotganda bir ayol kolyaskasi bilan turgan ekan. Yordamlashish maqsadida borayotgan edik, boshqa yigitlar ko'maklashishdi. Biz ulgurmadik. "Eh, savobni ilib ketishdi" dedim sherigimga.
Shunda hamrohim Abdulloh domlaning "Har bir qilgan savobimizni shukrini ado etishimiz kerak" degan gaplarini esladilar. Shu gapning mag'zini aynan o'sha lahzada chaqdim.
Chindan ham, o'ylab ko'rganmisiz, har bir qilgan savobli amalimizni to'liq qilish uchun biz uni shukrini ado etishimiz qanchalik muhimligini? Bu orqali biz mana shu amal ham bizning o'z quvvatimiz ila emas, Robbimizning marhamati ila sodir bo'lganini tasdiq etamiz. Agar Robbimiz nasib etmasa, hatto o'sha amalni qilishga bizda xoxish, ishtiyoq bo'lmasligi aniq edi. Niyat va harakatimizni o'zi yetmasdi. Huddi kolyaskani boshqa insonlar ko'tarib chiqib ketgani singari.
To'g'ri, agar niyatni chindan qilsangiz, amal qilmasangiz ham savob yozilishi haqida solih salaflarning gaplari bor.
Ammo, har bir ado etgan yaxshi so'z, yaxshi amal, yaxshi niyatni ortidan bizga mana shu baxt nasib etgani uchun shukr keltirish orqali, har bir ish yolg'izgina Allohni irodasi, Uning rahmati ila sodir bo'lganini tafakkur va tasdiq etgan bo'lamiz.